Haqorat qilganlik – shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini qasddan kamsitganlik yoki beodoblik bilan qasddan tahqirlaganlik uchun qonunchilikda ma’muriy va jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan.
Xususan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda haqorat qilgan shaxsga nisbatan 6 mln so‘mdan 12 mln so‘mgacha miqdorda jarima solinishi belgilangan.
Agar ushbu huquqbuzarlik bir yil ichida takroran sodir etilsa, huquqbuzarga nisbatan jinoiy javobgarlik belgilanadi.
Jinoyat kodeksiga asosan haqorat qilgan shaxsga:
60 mln so‘mgacha miqdorda jarima;
240 soatgacha majburiy jamoat ishlari;
1 yilgacha axloq tuzatish ishlari jazosi berilishi mumkin.
Haqorat qilish nashr qilish, boshqacha usulda ko‘paytirilgan matnda yoki OAV orqali amalga oshirilsa, ushbu harakat to‘g‘ridan-to‘g‘ri jinoyat hisoblanadi va aybdor:
60 mln so‘mdan 120 mln so‘mgacha jarima;
240 soatdan 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari;
1 yildan 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanishi mumkin.
Agarda haqorat qilish:
jabrlanuvchini o‘z xizmat yoki fuqarolik burchini bajarishi munosabati bilan bog‘liq holda;
xavfli residivist tomonidan;
tuhmat qilganligi uchun ilgari sudlangan shaxs tomonidan qilingan bo‘lsa:
120 mln so‘mdan 180 mln so‘mgacha miqdorda jarima;
2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari;
1 yilgacha ozodlikni cheklash jazosi tayinlanishi mumkin.
Navbahor tuman adliya bo‘limi bosh maslahatchisi Sh.Sayfudinov