Navbahor tumanida sportning badiiy gimnastika turi bo'yicha Respublika chempionati bo'lib o'tdi. Ko'tarinki ruhda o'tgan chempionatda Respublikamizning ko'plab viloyatlaridan ishtirokchilar o'z mahoratlarini namoyish etishdi. Xususan, Surxondaryo, Xorazm, Navoiy, Qashqadaryo, Sirdaryo, Samarqand, Buxoro hamda Toshkent shahridan uzoq yo'l bosib kelgan 150 nafarga yaqin ishtirokchi qizlarning hamma chiqishlari alohida e'tibor kasb etdi.
Shuningdek, yakka va jamoaviy bahslarda Navoiy viloyatining Navbahor tumani BO'SM jamoasi eng yuqori ko'rsatkich bilan 1- o'rinni, Samarqand viloyati jamoasi 2-o'rinni, Toshkent shari jamoasi esa 3-o'rinni qo'lga kiritishdi. Ishtirokchilarning ma'naviy dam olishlarini ta'minlash maqsadida Navoiy viloyati yoshlar ittifoqi sardorlari hamda Navoiy teleradio kompaniyasi "Kelajak yoshlari" teleloyihasi muxbiri tomonidan qiziqarli o'yinlar va konsert dasturi tashkillashtirilib, bolajonlarga muzqaymoqlar ulashildi. Chempionat so'ngida Navbahor tumani BO'SM hamda Navbahor tumani gimnastika federatsiyasi tomonidan ishtirokchilar qimmatbaho sovg'alar bilan taqdirlanishdi.
Sport sog'liq garovidir. Ayniqsa badiiy gimnastika turi eng foydali sport turlaridan biridir. Shunday foydali sport turining Navbahor tumanida rivojlanayotganidan chempionatga taklif qilingan ota-onalar ham xursand bo'lishdi. Sportchilarimizga kelgusi ishlarida faollikni hamda yuqori shohsupalarni zabt etishlarini tilab qolamiz!