Bolali oilalarga nafaqa

Bolali oilalarga nafaqa, bola parvarishi bo‘yicha nafaqa yoki moddiy yordam olish uchun arizalarni ko‘rib chiqish tartibi
1. Oila a’zolarining barcha rasmiy daromadlari, shuningdek, oilaning har bir a’zosiga to‘g‘ri keladigan bir oylik o‘rtacha jami daromadning hisob-kitobi, oila a’zosi nomida mavjud bo‘lgan ko‘chmas mol-mulki va avtotransport vositalari to‘g‘risida ma’lumotlari ariza berilgan oydan keyingi oyning 1-sanasiga qadar "Yagona reyestr” AT tomonidan avtomatlashtirilgan tarzda idoralararo elektron o‘zaro hamkorlikni qo‘llagan holda jamlanadi va hisob-kitob qilinadi.
2. Oilani kam ta’minlangan oila deb e’tirof etish va unga bolali oilalarga nafaqa, bola parvarishi bo‘yicha nafaqa, moddiy yordam tayinlash yoki tayinlashni rad etish "Yagona reyestr” AT tomonidan avtomatlashtirilgan tarzda amalga oshiriladi.
3. Quyidagi holatlar mavjud bo‘lganda, oilani kam ta’minlangan oila deb e’tirof etish va unga tegishli ravishda bolali oilalarga nafaqa, bola parvarishi bo‘yicha nafaqa yoki moddiy yordam tayinlash rad etiladi:
a) ariza beruvchi oilasining har bir a’zosiga to‘g‘ri keladigan bir oylik o‘rtacha jami daromad belgilangan mezondan oshganda;
b) idoralararo elektron axborot tizimi orqali olingan ma’lumotlar bo‘yicha Ko‘chmas mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarning davlat reyestrida ariza beruvchi va uning oila a’zolarida jami bittadan ortiq ko‘chmas mulki yoki bir va undan ortiq noturar joy binolari mavjud bo‘lganda;
v) ariza beruvchi yoki uning oila a’zolarida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda o‘z nomiga rasmiylashtirilgan yoki bosh ishonchnoma asosida foydalanilayotgan:
ishlab chiqarilgan muddati 7 yildan oshmagan, texnik holati soz bo‘lgan avtotransport vositasi mavjud bo‘lganda;
jami ikki va undan ortiq, texnik holati soz bo‘lgan avtotransport vositalari mavjud bo‘lganda;
g) ariza beruvchi va uning oila a’zolarining tijorat banklaridagi depozit hisobvaraqlarida ariza bergan oyda mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining besh baravari va undan ortiq miqdorda mablag‘lari mavjud bo‘lganda;
d) ariza beruvchi va uning oila a’zolarida ariza bergan oyda mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining besh baravari va undan ortiq miqdorda bozor qiymatidagi qimmatli qog‘ozlari mavjud bo‘lganda;
e) O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya, Davlat xavfsizlik xizmati, Davlat bojxona qo‘mitasi, Mudofaa sanoati davlat qo‘mitasi hamda ularning tizimidagi tashkilotlarning xizmatchilari va xodimlari yoki ularning oila a’zolari (turmush o‘rtog‘i va bolalari) tomonidan arizalar taqdim etilganda;
j) bolali oilalarga nafaqa, bola parvarishi bo‘yicha nafaqa yoki moddiy yordam oluvchi va uning oila a’zosi tomonidan belgilangan tartibga rioya qilmagan holda takroriy ariza taqdim etilganda. Bunda takroran taqdim etilgan ariza "Yagona reestr” ATga kiritilgandan so‘ng ariza ko‘rib chiqilmasdan, arizachiga rad javobi arizada ko‘rsatilgan elektron manzilga yoki SMS-xabarlar orqali mobil telefon raqamiga jo‘natiladi;
z) oilada mehnat organlari tomonidan tayinlangan ishsizlik nafaqasini olayotgan a’zolari mavjud bo‘lganda;
i) oilada oxirgi 12 oy davomida ish qidirayotgan a’zosi mehnat organlarining maqbul keladigan ishga doir takliflarini muntazam ravishda (ikki va undan ortiq marotaba) rad etganda;
k) daromadlarning rasmiy manbalariga ega bo‘lmagan va oxirgi olti oy mobaynida ish izlab mehnat organlariga murojaat qilmagan hamda mehnat organlarida hisobda turmagan, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar ro‘yxatiga kiritilmagan yoki haq to‘lanadigan jamoat ishlari ishtirokchisi hisoblanmagan oilaning mehnatga layoqatli a’zosi mavjud bo‘lganda. 
Ushbu qoida:
bola uch yoshga to‘lguniga qadar uni parvarish qiluvchi onalarga (ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarga);
ta’lim muassasalarida o‘qiyotganlarga (ta’limning kechki va sirtqi o‘qish holatlari bundan mustasno);ishlamaydigan pensionyerlarga, davlat pensiyasi tayinlash uchun zarur bo‘lgan ish stajiga ega bo‘lmagan shaxslarga va mehnatga layoqatsizlik yuzasidan nafaqa oluvchi fuqarolarga, OIV infeksiyasiga chalingan shaxslarga, I yoki II guruh va bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslarga;
amalda tomorqa yer va/yoki dehqon xo‘jaligini yuritish bilan band bo‘lgan oila a’zolariga;
16 yoshgacha bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslarning onalariga (onasi bo‘lmagan holda, otasiga), oila a’zosi hisoblangan I guruh nogironligi bo‘lgan shaxsni yoki o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan 80 yoshga to‘lgan keksalarni parvarish qilayotganlarga (ushbu ma’lumot Pensiya jamg‘armasi bo‘limi tomonidan aniqlashtiriladi);
chet elda ishlaydigan yoki chet elda tadbirkorlik va boshqa faoliyatni amalga oshiruvchi oila a’zolariga;
oilaning "Har bir oila — tadbirkor” dasturi doirasida (o‘zini o‘zi boshqarish organining oila tarkibi va iqtisodiy ahvoli to‘g‘risidagi ma’lumotida yoritilishi lozim) oilaviy tadbirkorlikda band bo‘lgan, biroq ushbu dastur bo‘yicha mikrokredit olingan sanadan boshlab ko‘pi bilan 12 oy band bo‘lgan a’zolariga;
sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bo‘yicha jazoni ijro etish muassasalarida ekanligi munosabati bilan oilada bo‘lmagan a’zolariga;
tuman (shahar) aholi bandlikka ko‘maklashish markaziga ish qidiruvchi sifatida rasmiy murojaat qilgan yoki ishsiz sifatida ro‘yxatga olingan, ushbu markaz tomonidan kasbga tayyorlashga, qayta tayyorlashga yoki malaka oshirishga yuborilgan, shuningdek, o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar ro‘yxatiga kiritilgan shaxslarga nisbatan qo‘llanilmaydi.
Ushbu bandda ko‘rsatilgan mezonlar asosida bolali oilalarga nafaqa, bola parvarishi bo‘yicha nafaqa yoki moddiy yordam tayinlash rad etilganda, ariza beruvchiga xabar "Yagona reyestr” AT orqali rad etish sabablari ko‘rsatilgan holda elektron shaklda (arizada ko‘rsatilgan elektron manziliga yoki SMS-xabarlar orqali mobil telefon raqamiga) yuboriladi.
 
Bolali oilalarga nafaqa
 
 

Агарда Сиз мақолада хатони учратган бўлсангиз, унда хато матнни белгилаб, CTRL + ENTER тугмасини босинг ва сайт маъмурига хабарнома жўнатинг.