#PRESS_TUR

Dara bo‘ylab yastanib yotgan tarix…
UCH TUT TARIXI, OCHIQ OSMON OSTIDAGI MUZEY VA QIRQ QOZON SINOATLARI…
Navbahor tuman hokimligi matbuot xizmati tomonidan "Tumanning turizm salohiyati va sohada amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish" mavzusida PRESS_TUR tashkil etildi.

Bir guruh jurnalistlar hamda blogerlar ishtirokida tashkil etilgan media tur bahonasida tumanimizda joylashgan qadimiy Uchtut daraxtlari, Sarmishsoy darasi hamda Qirq qozon tog‘larida joylashgan Almazsoy majmuasida tashkil etilganligi ayni muddao bo‘ldi.
Rivoyat qilishlaricha, taxminan 1500 yil avval 3 tup tut daraxti nihollari sultonlar avlodidan bo‘lgan Zinnatbibi tomonidan yerga o‘tqazilgan ekan. Bu daraxtlar tomir yoyib, baravj bo‘lib unib, ko‘rkam va serhosil daraxtlarga aylanishgan ekan. Bu daraxtlar hamon ko‘rkam va serhosil, faqat qulochga sig‘mas darajada ulkan daraxt ko‘rinishiga kirishgan xolos. Ularni soyasidan, mevasidan Uchtut qishlog‘i ahli hamon bahramand bo‘lib kelishmoqda…
Navbatdagi manzil esa uzoq va ko’p tarixga ega Sarmishsoy darasi bo‘ldi. Yurtimizda sir-sinoatli qadamjolar, obidalar ko‘pchilikni tashkil etadi. Xususan, Navbahor tumanida joylashgan ochiq osmon ostidagi muzey- Sarmishsoy darasi o‘zining qoyaga o‘yib ishlangan qadimiy tasvirlari bilan olamga mashhur desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Sarmishsoy haqida ko‘p bora eshitgansiz, ammo o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rganingizning o‘rni bo‘lakcha bo‘lishi tabiiy albatta. Bu makonga tashkil etilgan media tur bahonasidagi tashrifimiz davomidagi taasurotlarim alohida bir mavzu bo’ladi to‘g‘risi. Keling qisqacha to‘xtalib o‘tsam: Insoniyatning ilk manzilgohlaridan biri sanalgan Sarmishsoy qoyatasvirlari miloddan avvalgi 4-1ming yillikka va undan keyingi davrlarga oid. "Sarmish” tabiat bog‘i, deb e’lon qilingan ushbu tarixiy merosning umumiy maydoni 5000 gektarni tashkil etadi. Sarmishsoy 2009 yil 14 iyulda tabiiy arxeologik muzey kompleksi-qo‘riqxonasiga aylantirilganligi barchaga ma’lum albatta. Sarmishsoy YUNESKOning Butunjahon madaniy meros ob’ekti sifatida ham ro‘yxatga kiritilgan. Bu yerda o‘simliklarning 62 oilaga mansub 650 turi uchrashini olimlar tomonidan ta’kidlab o‘tilgan. Bundan tashqari, olimlar bu yerda odamlar paleolit davridan (300 ming yildan 15 ming yilgacha) yashay boshlagan, degan fikrni inkor etmaydi. Shuningdek, bu qoyatoshlarga bitilgan tasvirlar soni 10 mingtadan ortiqni tashkil etishi esa hayratlanarli raqamlar. Bu tarix… uning bayonini yana uzoq davom ettirishimiz mumkin. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 7 fevraldagi "Ichki turizmni jadal rivojlantirishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi PQ-3514-sonli qarori asosida "O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” ichki turizmni rivojlantirish Dasturini amalga oshirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar rejasi asosida esa ushbu tarixiy manzillarga sayyohlar oqimi sezilarli darajada oshdi albatta. Ammo biz yoshlarni g‘urur va vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda yordam beradigan, ichki turizmni rivojlantirishda o‘z hissamizni qo‘shsak, nur ustiga a’lo nur bo‘lardi. Negaki, "Moziyga qarab ish tutmog‘lik xayri ishdir!”. Biz va farzandlarimiz o‘zi istiqomat qilayotgan manzilda joylashgan tarixiy obidalar, qadamjolar haqida ma’lumotga ega bo‘lsagina, bu tarix avloddan-avlodga o‘tib yana qancha asrlar davomida saqlanib qolinishiga, uzoq umr ko‘rishida o‘z hissamizni qo‘shgan bo‘lamiz.
Navbahor YUSUPOVA.

 

Агарда Сиз мақолада хатони учратган бўлсангиз, унда хато матнни белгилаб, CTRL + ENTER тугмасини босинг ва сайт маъмурига хабарнома жўнатинг.