Yangilik yaratishda tadbirkor yetakchi bo‘lmog‘i kerak

Qadimdan qo‘l mehnati orqali tayyorlangan har turdagi mahsulotlar xaridorlar tomonidan yuksak baholangan.
Navoiy viloyati Navbahor tumani "Ko‘hron” mahallasida istiqomat qilib kelayotgan Mahmud Eshov ham qo‘l mehnatini qadrlaydiganlardan. U hovlisida "Murtazo Muharram” oilaviy korxonasini 2010 yildan buyon yuritib chinni mahsulotlarga zeb berishni yo‘lga qo‘ydi.

O‘ttizdan ziyod turli shaklga ega bo‘lgan idishlar shu yerda o‘z jilosiga ega bo‘ladi. Ularning rangi, ko‘rkamligi ko‘zni quvontiradi. Qirq nafarga yaqin ijtimoiy ko‘makka muhtoj, kam ta’minlangan oila xotin-qizlari mazkur korxonada faoliyat yuritmoqda. Ishchilar chinni buyumlarga qayta bezak berish faoliyati bilan shug‘ullanadi.  

Ko‘hronning usta tadbirkori birgina chinni mahsulotini ishlab chiqarishning o‘zi bilan chegaralanib qolmay, yildan yilga yangi turdagi mahsulotlarni tayyorlab ichki va tashqi bozorga yetkazib bermoqda. Natijada qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratilmoqda.

– Chinni mahsulotlariga bezak berish ishlarida asosan xotin-qizlar mehnat qiladi. Bu yo‘nalishdagi loyihalarning amalga oshirilishi ayollar bandligini ta’minlashda muhim rol o‘ynaydi, – deydi Mahmud Eshov. – Ushbu loyihalar davlatimiz rahbarining xotin-qizlarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash, yashash sharoitlarini yaxshilash, bandligini ta’minlash yo‘nalishida amalga oshirayotgan islohotlar natijasidir.  

Korxonada tayyorlangan mahsulotlar Rossiya, Turkmaniston, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston kabi davlatlarga eksport qilmoqda. Turli buyumlarga bodom, paxta, lolagul tasvirlari hamda naqshlarning qo‘lda chizilayotgani, idishlarni bo‘yashdan tortib qadoqlash kabi qizg‘in jarayonlarni kuzatgan har bir odamning havasi ortadi.  

Davlatimiz siyosatining asosiy maqsadi xalqimizning yaxshi yashashi, hayotdan rozi bo‘lishini ta’minlash, buning uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishdan iborat. Zero, doimo yangilik yaratishga intilib yashash kishi mehnatini yanada ulug‘laydi. 

Агарда Сиз мақолада хатони учратган бўлсангиз, унда хато матнни белгилаб, CTRL + ENTER тугмасини босинг ва сайт маъмурига хабарнома жўнатинг.