Tadbirkorlarning bankdagi pul mablag‘larini noqonuniy olib qo‘yganlik uchun javobgarlik belgilandi

Prezident tomonidan imzolangan qonun (O‘RQ–841-son, 10.05.2023 y.) bilan ayrim qonun hujjatlariga tadbirkorlarning bank hisobvaraqlaridagi pul mablag‘lari daxlsizligini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritildi. 

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, tadbirkorlarning bank hisobvaraqlaridan pul mablag‘larini ularning roziligisiz qonunga xilof ravishda o‘tkazish yoki olib qo‘yish yoxud ularni o‘z vaqtida qaytarmaslik, oz miqdorda talon-toroj qilish alomatlari mavjud bo‘lmagan taqdirda BHMning 20 baravaridan 40 baravarigacha (6 mln 600 ming so‘mdan 13 mln 200 ming so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Jinoyat kodeksiga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, yuqorida qayd etilgan huquqbuzarlik ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilsa, quyidagi jazo choralaridan biri qo‘llanilishiga sabab bo‘ladi:

BHMning 200 baravaridan 300 baravarigacha miqdorda jarima;
3 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish;
300 soatdan 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari; 
3 yilgacha axloq tuzatish ishlari; 
3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish.

O‘sha harakatlar:

ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda;
bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan bo‘lsa, 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.

O‘sha harakatlar:

juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda;
uyushgan guruh manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan bo‘lsa, 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.

Yetkazilgan moddiy zararning o‘rni qoplangan taqdirda ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazo qo‘llanilmaydi.

Navbahor tuman adliya bo‘limi boshlig‘i E.Fayzullayev

Агарда Сиз мақолада хатони учратган бўлсангиз, унда хато матнни белгилаб, CTRL + ENTER тугмасини босинг ва сайт маъмурига хабарнома жўнатинг.